Harvard uslubidagi “Impact Challenge” yoshlarning strategik fikrlashi va ijtimoiy faolligini kuchaytirdi

May 20, 2026
56 Views
Harvard uslubidagi “Impact Challenge” yoshlarning strategik fikrlashi va ijtimoiy faolligini kuchaytirdi

Harvard Youth Leadership Summit sammitining ikkinchi kuni akademik muhokamalar va intellektual faoliyatlarga boy tarzda o‘tdi. Kunning birinchi yarmida professor Marian Taylor Brown hamda Harvard universiteti talabalari jamoasi “Impact Challenge” dasturi doirasida mahalliy universitet talabalari va maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur uchrashuv oddiy suhbatdan ancha yuqori darajaga ko‘tarilib, qariyb ikki soat davom etgan qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javob sessiyalari va dolzarb ijtimoiy mavzular bo‘yicha strategik muhokamalarga aylandi. Ishtirokchilar real muammolarga innovatsion yechimlar topish bo‘yicha faol fikr almashdilar.

Professor Marian Taylor Brown va Harvard talabalari boshchiligidagi sessiyalarda ishtirokchilar har bir mavzu va muammoga Harvard uslubidagi tahliliy yondashuv asosida yondashdilar. Yoshlar tanqidiy, asoslangan va amaliy yechimlarga qaratilgan fikrlarini erkin hamda ishonch bilan bayon etdilar.

Eng muhimi, “Impact Challenge” faoliyatlari panel sessiyalar shaklida tizimli tashkil etilib, yoshlarning jamoaviy fikrlash, liderlik, muloqot va murakkab muammolarni amaliy hamda ijtimoiy ahamiyatga ega yechimlar orqali hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

“Impact Challenge” sessiyalari kunning ikkinchi yarmida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.

Share